Ushbu Qonunda ijrochiga nisbatan nazarda tutilgan huquqlar ijro birinchi marta ijro etilgandan keyin ellik yil mobaynida amal qiladi. Ijrochining ismi-sharifga boʻlgan hamda ijroni ijrochining shaʼni va qadr-qimmatiga zarar yetkazishi mumkin boʻlgan har qanday tarzda buzib koʻrsatilishidan yoki har qanday boshqacha tarzda tajovuz etilishidan himoya qilish huquqlari muddatsiz muhofaza qilinadi. Fonogrammani tayyorlovchiga nisbatan ushbu Qonunda nazarda tutilgan huquqlar fonogramma birinchi marta chop etilganidan keyin ellik yil mobaynida yoxud, agar fonogramma uning birinchi yozuvidan keyin ellik yil ichida chop etilmagan boʻlsa, shu muddat mobaynida amal qiladi. Efir yoki kabel orqali koʻrsatuv yoxud eshittirish beruvchi tashkilotning oʻz koʻrsatuvi yoki eshittirishiga nisbatan ushbu Qonunda nazarda tutilgan huquqlari bunday koʻrsatuv yoki eshittirish birinchi marta efirga uzatilganidan yoki birinchi marta kabel orqali yuborilganidan keyin ellik yil mobaynida amal qiladi. Turdosh huquqlar obyektlariga Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga muvofiq muhofaza berilganda Oʻzbekiston Respublikasi hududida turdosh huquqlarning amal qilish muddati ushbu moddaga binoan belgilanadi. Lekin bu muddat turdosh huquqlar obyektlari kelib chiqqan mamlakatda belgilangan turdosh huquqlarning amal qilish muddatidan oshib ketmasligi kerak. Ushbu moddada nazarda tutilgan muddatlarni hisoblash muddatning oʻta boshlashi uchun asos boʻladigan yuridik fakt roʻy bergan yildan keyingi yilning birinchi yanvaridan eʼtiboran boshlanadi. Ushbu moddada nazarda tutilgan muddatlarning qolgan qismi doirasida ijrodan, fonogrammadan, efir yoki kabel orqali koʻrsatuv yoxud eshittirish beruvchi tashkilotning koʻrsatuvi yoki eshittirishidan foydalanishni amalga oshirish yoxud foydalanishga ruxsat berish va haq olishga boʻlgan huquq ijrochining, fonogrammani tayyorlovchining, efir yoki kabel orqali koʻrsatuv yoxud eshittirish beruvchi tashkilotning merosxoʻrlariga (yuridik shaxslarga nisbatan