Mulkiy huquqlarni jamoaviy asosda boshqaruvchi tashkilotlar faoliyatini nazorat qilish maxsus vakolatli davlat organi tomonidan amalga oshiriladi. Mulkiy huquqlarni jamoaviy asosda boshqaruvchi tashkilot maxsus vakolatli davlat organiga quyidagi axborotni taqdim etishi shart: tashkilotning ustaviga kiritilgan oʻzgartishlar toʻgʻrisida; tashkilot shunga oʻxshash huquqlarni boshqaruvchi chet el tashkilotlari bilan tuzadigan ikki tomonlama va koʻp tomonlama bitimlar toʻgʻrisida; umumiy yigʻilish qarorlari toʻgʻrisida; yillik balans, yillik hisobot, shu jumladan talab qilib olinmagan haqlar haqidagi maʼlumotlar va tashkilot faoliyatining auditorlik tekshiruvi toʻgʻrisida; tashkilot nomidan ish koʻrishga vakolatli shaxslarning familiyasi, ismi va otasining ismi toʻgʻrisida. Maxsus vakolatli davlat organi mulkiy huquqlarni jamoaviy asosda boshqaruvchi tashkilotdan uning faoliyati oʻz ustaviga va qonunchilikka muvofiqligini tekshirish uchun zarur boʻlgan qoʻshimcha axborot talab qilib olishga haqlidir.