Mualliflik huquqi va turdosh huquqlar toʻgʻrisida 9-modda. Rasmiy hujjatlar, ramzlar va belgilarning loyihalariga boʻlgan huquqlar

Rasmiy hujjat, ramz yoki belgining loyihasiga boʻlgan mualliflik huquqi loyihani yaratgan (ishlab chiqqan) shaxsga tegishlidir. Rasmiy hujjat, ramz yoki belgining loyihasini ishlab chiqqan shaxs, agar bunday loyihani ishlab chiqish toʻgʻrisida topshiriq bergan organ tomonidan taqiqlangan boʻlmasa, oʻzi yaratgan loyihani chop etishga haqlidir. Loyihani chop etishda uni ishlab chiqqan shaxs oʻz ismi-sharifini koʻrsatishga haqlidir. Vakolatli organ rasmiy hujjat tayyorlash uchun rasmiy hujjat, ramz yoki belgining loyihasidan, agar loyiha uni ishlab chiqqan shaxs tomonidan chop etilgan yoki tegishli organga yuborilgan boʻlsa, mazkur shaxsning roziligisiz foydalanishi mumkin. Loyiha asosida rasmiy hujjat, ramz yoki belgi tayyorlash chogʻida rasmiy hujjat, ramz yoki belgi tayyorlayotgan organning xohishiga koʻra loyihaga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritilishi mumkin. Vakolatli organ loyiha asosidagi rasmiy hujjat, ramz yoki belgini qabul qilganidan (tasdiqlaganidan) keyin mazkur rasmiy hujjat, ramz yoki belgidan loyihani ishlab chiqqan shaxsning ismi-sharifini koʻrsatmagan holda foydalaniladi.