Nodavlat notijorat tashkilotlari toʻgʻrisida 30-modda. Nodavlat notijorat tashkiloti faoliyatining turlari

Nodavlat notijorat tashkiloti qonun bilan taqiqlanmagan hamda oʻzining taʼsis hujjatlarida nazarda tutilgan maqsadlarga muvofiq boʻlgan faoliyatning har qanday turini amalga oshirishi mumkin. Bosh tashkiloti Oʻzbekiston Respublikasidan tashqarida joylashgan xalqaro va chet el nodavlat notijorat tashkilotlarining vakolatxonalari va filiallari hamda ularning chet el fuqarolari boʻlgan va fuqaroligi boʻlmagan xodimlari, shuningdek boshqa nodavlat notijorat tashkilotlarining chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan xodimlari Oʻzbekiston Respublikasi hududida biror-bir siyosiy faoliyatda hamda mazkur nodavlat notijorat tashkilotlarining ustavlarida belgilangan maqsadlari va vazifalariga muvofiq boʻlmagan boshqa faoliyatda ishtirok etishga haqli emas. Ularning siyosiy partiyalar va ommaviy harakatlar tomonidan oʻtkaziladigan amaliy harakatlar hamda tadbirlarni moliyalashtirishiga, bunday tashkilotlarni tuzish tashabbusi bilan chiqishiga va bunday tashkilotlar tuzishni qoʻllab-quvvatlashiga yoʻl qoʻyilmaydi. Nodavlat notijorat tashkilotlari tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi hududida chet davlatlardan, xalqaro va chet el tashkilotlaridan, chet davlatlarning fuqarolaridan yoki ularning topshirigʻiga binoan boshqa shaxslardan olinadigan pul mablagʻlari va mol-mulk hisobidan quyidagilarni amalga oshirish taqiqlanadi: referendum va saylov natijalariga taʼsir oʻtkazish yoki taʼsir oʻtkazishga urinish; Oʻzbekiston Respublikasida tuzilgan siyosiy partiyalarning saylovoldi kampaniyalarini qoʻllab-quvvatlash. Nodavlat notijorat tashkiloti tomonidan ayrim faoliyat turlari faqat litsenziyalar asosidagina amalga oshirilishi mumkin. Bunday faoliyat turlarining roʻyxati qonunchilik bilan belgilanadi.