Normativ-huquqiy hujjatlar toʻgʻrisida 35-modda. Tartibga solish taʼsirini baholash

Tartibga solish taʼsirini baholash normativ-huquqiy hujjat loyihasining qabul qilinishi natijasida yuzaga kelishi mumkin boʻlgan ehtimoliy oqibatlarni va uning tartibga solish maqsadlariga erishilishini, shuningdek amaldagi normativ-huquqiy hujjatning ushbu normativ-huquqiy hujjat bilan tartibga soluvchi munosabatlarga taʼsirining samaradorligi va natijadorligini aniqlash va baholashga qaratilgan chora-tadbirlar majmuidan iboratdir. Tadbirkorlik faoliyatiga, fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga hamda atrof muhitga taʼsir koʻrsatuvchi normativ-huquqiy hujjatlar va ularning loyihalari tartibga solish taʼsirini baholashdan oʻtkaziladi. Qonun kuchga kirgan kundan eʼtiboran besh yil oʻtgach, masʼul davlat organlarining va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari qoʻmitalarining tashabbusiga koʻra qonunning samaradorligini, unda belgilangan maqsadga va kutilayotgan natijalarga erishilganligini aniqlash uchun qonunning tartibga solish taʼsiri baholashdan oʻtkazilishi mumkin. Mazkur jarayonga fuqarolik jamiyati institutlari va boshqa tashkilotlar ham jalb etilishi mumkin. Tartibga solish taʼsirini baholash tartibi qonunchilikka muvofiq belgilanadi.