Normativ-huquqiy hujjatlar toʻgʻrisida 46-modda. Ilgari qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlarni yangi normativ-huquqiy hujjat qabul qilinganligi munosabati bilan qayta koʻrib chiqish

Ilgari qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlarga yangi normativ-huquqiy hujjat qabul qilinganligi munosabati bilan zarur oʻzgartishlar va (yoki) qoʻshimchalar kiritiladi hamda ilgari qabul qilingan barcha normativ-huquqiy hujjatlar yoki ularning qismlari, agar ular yangi huquqiy normalarga zid boʻlsa yoxud yangi normativ-huquqiy hujjat bilan toʻlaligicha qamrab olingan yoki amalda oʻz huquqiy ahamiyatini yoʻqotgan boʻlsa, lekin rasman oʻz kuchini yoʻqotgan deb topilmagan boʻlsa, oʻz kuchini yoʻqotgan deb topilishi lozim. Teng yuridik kuchga ega boʻlgan normativ-huquqiy hujjatlarga kiritilayotgan oʻzgartishlar va (yoki) qoʻshimchalar, oʻz kuchini yoʻqotgan deb topilayotgan teng yuridik kuchga ega boʻlgan normativ-huquqiy hujjatlarning yoki ular qismlarining roʻyxati normativ-huquqiy hujjatning oʻzida koʻrsatilishi kerak. Normativ-huquqiy hujjat qabul qilinganligi munosabati bilan oʻzgartishlar, qoʻshimchalar kiritilishi yoki oʻz kuchini yoʻqotgan deb topilishi lozim boʻlgan, teng yuridik kuchga ega normativ-huquqiy hujjatlarning yoki ular qismlarining soni ancha koʻp boʻlgan taqdirda, mazkur oʻzgartish va qoʻshimchalar, shuningdek oʻz kuchini yoʻqotgan deb topilishi lozim boʻlgan normativ-huquqiy hujjatlar roʻyxati alohida hujjat sifatida rasmiylashtiriladi. Bunday hujjat loyihasi ishlab chiquvchi tomonidan tayyorlanadi va normativ-huquqiy hujjat loyihasi bilan bir vaqtda taqdim etiladi. Normativ-huquqiy hujjatni oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish toʻgʻrisidagi normativ-huquqiy hujjat loyihasi ishlab chiqilayotganda uning asosida hamda uni ijro etish uchun qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlar xatlovdan oʻtkaziladi va ularni ham oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish haqidagi masala koʻrib chiqiladi.