Notarius oʻz majburiyatlarini buzganligi uchun qonunda nazarda tutilgan tartibda javobgar boʻladi. Davlat notarial idorasining notariusi tomonidan oʻz majburiyatlarini buzganligi oqibatida yetkazilgan zararning oʻrni Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan tartibda davlat tomonidan qoplanadi. Xususiy amaliyot bilan shugʻullanuvchi notarius notarial harakatlar orqali qonunni buzganligi natijasida jismoniy va yuridik shaxslarning mol-mulkiga yetkazilgan zarar uchun, agar ushbu moddada boshqacha tartib nazarda tutilmagan boʻlsa, mulkiy javobgar boʻladi. Ushbu moddaning uchinchi qismida koʻrsatilgan hollarda jismoniy yoki yuridik shaxslarning mol-mulkiga yetkazilgan zararning oʻrni xususiy amaliyot bilan shugʻullanuvchi notariusning fuqarolik javobgarligini sugʻurta qilish shartnomasi boʻyicha sugʻurta badali (sugʻurta summasi) yoki sugʻurta badali yetarli boʻlmagan taqdirda notariusning shaxsiy mol-mulki hisobidan, notariusning shaxsiy mol-mulki yetarli boʻlmagan taqdirda Notarial palata huzuridagi Kompensatsiya fondi hisobidan qoplanadi. Jismoniy va yuridik shaxslarning mol-mulkiga xususiy amaliyot bilan shugʻullanuvchi notariusning qasddan sodir etgan xatti-harakatlari natijasida zarar yetkazilganligi sudning qarori bilan tasdiqlangan taqdirda, ushbu zararning oʻrni Notarial palata huzuridagi Kompensatsiya fondi hisobidan qoplanmaydi. Xususiy amaliyot bilan shugʻullanuvchi notariusning harakatlari (harakatsizligi) tufayli yetkazilgan zarar uchun davlat javobgar boʻlmaydi.