Oliy yuridik maʼlumotga ega boʻlgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi notarius stajyori boʻlishi mumkin. Ushbu Qonun 2-moddasining ikkinchi qismida koʻrsatilgan shaxslar notarius stajyori boʻlishi mumkin emas. Davlat notarial idorasi notariusining stajyorini ishga qabul qilish Qoraqalpogʻiston Respublikasi Adliya vazirligi, adliya boshqarmalari tomonidan amalga oshiriladi. Xususiy amaliyot bilan shugʻullanuvchi notarius stajyorini ishga qabul qilish Notarial palataning tegishli hududiy boshqarmasi tavsiyasiga asosan ushbu boshqarma tomonidan biriktirilgan notarius tomonidan amalga oshiriladi. Xususiy amaliyot bilan shugʻullanuvchi notarius tomonidan notarius stajyorini ishga qabul qilishni asossiz ravishda rad etishga yoʻl qoʻyilmaydi. Stajirovka notarial idorada oʻtaladi. Notarius stajyori oʻz faoliyatini notarius rahbarligida, uning alohida topshiriqlarini bajargan holda amalga oshiradi. Notarius stajyorining faoliyatini tashkil etish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan Notarial palata bilan birgalikda belgilanadi.