Qoraqalpogʻiston Respublikasi Adliya vazirligi, adliya boshqarmalari oʻz vakolatlari doirasida: notariuslar tomonidan amalga oshirilgan notarial harakatlarning qonuniyligi ustidan nazoratni amalga oshiradi; notariuslarga uslubiy va amaliy yordam koʻrsatadi; notarial amaliyotni umumlashtiradi; malaka komissiyasining faoliyatini tashkil etadi; xususiy amaliyot bilan shugʻullanuvchi notariuslar faoliyatini litsenziyalaydi; Notarial palata bilan birgalikda notarius stajyorining faoliyatini tashkil etadi; xususiy amaliyot bilan shugʻullanuvchi notariuslar tomonidan litsenziya talablari va shartlariga rioya etilishi ustidan nazoratni amalga oshiradi; Xususiy notarial amaliyot bilan shugʻullanish huquqini beruvchi litsenziyalarning davlat reyestrini yuritadi; ushbu Qonunda nazarda tutilgan hollarda, xususiy amaliyot bilan shugʻullanuvchi notarius litsenziyasining amal qilishini toʻxtatib turish, tugatish va bekor qilish haqida qaror qabul qiladi; xususiy amaliyot bilan shugʻullanuvchi notariuslarning faoliyati hududini belgilash maqsadida ularni hisobga qoʻyish va hisobdan chiqarishni amalga oshiradi; notarius muhri va shtamplarining namunalari eskizlarini tasdiqlaydi; notariuslarning reyestrini yuritadi; notarial idoralarni qatʼiy hisobda turuvchi gerbli (maxsus) blankalar bilan taʼminlaydi; oʻz faoliyatini tugatgan notarius muhrini yoʻq qilish va hujjatlarni Qoraqalpogʻiston Respublikasi Adliya vazirligi, adliya boshqarmalari huzuridagi idoraviy notarial arxivga topshirish choralarini koʻradi; Qoraqalpogʻiston Respublikasi Adliya vazirligi, adliya boshqarmalari qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.