Notariat toʻgʻrisida 22-4-modda. Notarial palataning maqomi

Notarial palata xususiy amaliyot bilan shugʻullanuvchi barcha notariuslarning aʼzoligiga asoslangan notijorat tashkilotdir. Davlat notarial idorasi notariusi ixtiyoriylik asosida Notarial palataning aʼzosi boʻlishi mumkin. Notarial palata notariuslarning qonunchilikka muvofiq amalga oshiriladigan faoliyatiga aralashmaslik prinsipi asosida faoliyat koʻrsatadi. Notarial palata Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida tuziladigan hududiy boshqarmalari bilan birgalikda notariatning yagona oʻzini oʻzi boshqarish tizimini tashkil etadi. Notarial palataning vazifalari va vakolatlariga oʻxshash vazifalar va vakolatlarga ega boʻlgan boshqa tashkilotlarni tashkil etishga yoʻl qoʻyilmaydi. Notariuslar Notarial palataning majburiyatlari boʻyicha javob bermaydi, notariuslarning majburiyatlari boʻyicha esa Notarial palata javob bermaydi, bundan notarius tomonidan yetkazilgan zararning oʻrnini qoplash uchun Notarial palata huzuridagi Kompensatsiya fondi tomonidan amalga oshiriladigan toʻlovlar mustasno. Notarial palataning oʻz vakolatlari doirasida qabul qilgan qarorlari xususiy amaliyot bilan shugʻullanuvchi notariuslar uchun majburiydir. Notarial palata faoliyatini moliyalashtirish Notarial palata konferensiyasi tomonidan miqdori belgilanadigan kirish va aʼzolik badallari hamda qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa mablagʻlar hisobidan amalga oshiriladi.