Notariat toʻgʻrisida 27-modda. Mansabdor shaxslar tomonidan tasdiqlangan vasiyatnomalarni va ishonchnomalarni notarial idoraga berish

Ushbu Qonunning 26-moddasida sanab oʻtilgan mansabdor shaxslar oʻzlari tasdiqlagan vasiyatnomalarning va notarial harakatlarni amalga oshirish bilan bogʻliq ishonchnomalarning bittadan nusxasini vasiyat qiluvchi yoki ishonch bildiruvchi doimiy yashaydigan joydagi notarial idoraga saqlash uchun kechiktirmay yuborishi shart. Agar vasiyat qiluvchining yoki ishonch bildiruvchining Oʻzbekiston Respublikasida doimiy yashash joyi boʻlmasa yoki ularning yashash joyi nomaʼlum boʻlsa, vasiyatnoma yoxud ishonchnoma uni qaysi tashkilotning mansabdor shaxsi tasdiqlagan boʻlsa, oʻsha tashkilot joylashgan yerdagi notarial idoraga saqlash uchun yuboriladi. Notarius saqlash uchun kelib tushgan vasiyatnomani va ishonchnomani tekshirib koʻrishi hamda ularning qonunga nomuvofiqligi aniqlangan taqdirda, bu haqda vasiyat qiluvchiga, ishonch bildiruvchiga va vasiyatnomani tasdiqlagan mansabdor shaxsga maʼlum qilishi shart. Ushbu Qonunning 26-moddasida sanab oʻtilgan mansabdor shaxslar vasiyatnomalarni oʻzgartirish va bekor qilish, shuningdek ishonchnomaning amal qilishini tugatish uchun asos boʻladigan hujjatning bittadan nusxasini ushbu moddada belgilangan tartibda kechiktirmay notarial idoraga berishi shart.