Notariat toʻgʻrisida 47-modda. Ishonchnomalarni tasdiqlash

Notariuslar bir yoki bir necha shaxs nomidan bir yoki bir necha shaxs nomiga yozilgan ishonchnomalarni tasdiqlaydi. Oʻz vakolatini boshqa shaxsga ishonib topshirish tartibida berilgan ishonchnoma shunday ishonib topshirish huquqi koʻrsatib qoʻyilgan asosiy ishonchnoma taqdim etilganidan keyin yoki asosiy ishonchnoma boʻyicha vakil ishonchnoma bergan shaxsning manfaatlarini himoya qilish uchun vaziyat taqozosi bilan shunday ish tutishga majbur boʻlganligi haqida dalillar taqdim etganidan keyin notarial tasdiqlanishi kerak. Oʻz vakolatini boshqa shaxsga ishonib topshirish tartibida berilgan ishonchnoma asosiy ishonchnoma boʻyicha berilganidan koʻproq huquqni qamrab olmasligi kerak. Oʻz vakolatini boshqa shaxsga ishonib topshirish tartibida berilgan ishonchnomaning amal qilish muddati bu ishonchnomani berishga asos boʻlgan asosiy ishonchnomaning amal qilish muddatidan ortiq boʻlishi mumkin emas.