Notarius yuridik shaxsning rahbar organi yigʻilishini chaqiruvchi organning yoki shaxsning iltimosiga koʻra ushbu yigʻilish oʻtkazilishi chogʻida hozir boʻladi va yuridik shaxsning rahbar organi tomonidan qaror qabul qilinganligi faktini tasdiqlash toʻgʻrisida hamda ushbu qarorni qabul qilish chogʻida hozir boʻlgan ishtirokchilarning (aksiyadorlarning) tarkibi haqida guvohnoma beradi. Notarius yuridik shaxsning rahbar organi tomonidan qaror qabul qilinganligi faktini belgilash uchun yuridik shaxsning huquq layoqatini tekshiradi, yuridik shaxs rahbar organining qaror qabul qilish borasidagi vakolatini, yigʻilishda kvorum mavjudligini va ovozlarni sanab chiqish asosida qaror qabul qilish uchun kerakli ovozlar soni mavjudligini qonunchilikka va yuridik shaxsning taʼsis hujjatlariga muvofiq aniqlaydi.