Oilaviy tadbirkorlik toʻgʻrisida 10-modda. Oilaviy korxonani davlat roʻyxatidan oʻtkazish

Oilaviy korxona kichik tadbirkorlik subyektlari uchun nazarda tutilgan soddalashtirilgan tartibda davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan sanadan eʼtiboran yuridik shaxs maqomiga ega boʻladi. Roʻyxatdan oʻtkazuvchi organlar ariza beruvchini oilaviy korxona sifatida davlat roʻyxatidan oʻtkazishni uni tashkil etish maqsadga muvofiq emas degan vajlar bilan rad etishga yoki qonunchilikda nazarda tutilmagan qoʻshimcha talablar belgilashga haqli emas. Ariza beruvchini oilaviy korxona sifatida davlat roʻyxatidan oʻtkazishni rad etganlik, shuningdek roʻyxatdan oʻtkazish muddatini buzganlik ustidan sudga shikoyat qilinishi mumkin. Roʻyxatdan oʻtkazuvchi organning qarori, shuningdek mazkur organ mansabdor shaxslarining harakatlari (harakatsizligi) sud tomonidan qonunga xilof deb topilgan taqdirda, ular ariza beruvchiga oilaviy korxonani roʻyxatdan oʻtkazishni rad etganlik yoki roʻyxatdan oʻtkazish muddatini buzganlik tufayli yetkazilgan zararning oʻrnini qoplaydi va maʼnaviy zarar uchun kompensatsiya toʻlaydi.