Oilaviy tadbirkorlik toʻgʻrisida 17-modda. Oilaviy korxona faoliyatini amalga oshirish shartlari

Oilaviy korxona faoliyatning ayrim turlarini faqat maxsus ruxsatnoma (litsenziya) mavjud boʻlganda amalga oshirishi mumkin. Oilaviy korxona aksiz soligʻi toʻlanadigan mahsulotni ishlab chiqarishni va yer qaʼridan foydalanganlik uchun soliq solinadigan foydali qazilmalarni kavlab olishni amalga oshirishi mumkin emas; Oilaviy korxona faoliyatida zaharli, radioaktiv moddalar va materiallardan, yuqori bosimli asbob-uskunalardan hamda inson va atrof-muhit uchun katta xavf tugʻdiradigan boshqa asbob-uskunalardan foydalanishga yoʻl qoʻyilmaydi. Oilaviy korxona foydalanishi mumkin boʻlmagan moddalar, materiallar va asbob-uskunalarning roʻyxati Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi. Oilaviy korxona tomonidan sanoat tusidagi faoliyatni koʻp kvartirali uyning turar joylarida amalga oshirishga yoʻl qoʻyilmaydi. Oilaviy korxona faoliyati qonunchilikda belgilangan normalar va qoidalarga rioya etilgan holda amalga oshirilishi kerak.