Oilaviy tadbirkorlik toʻgʻrisida 9-modda. Oilaviy korxonaning taʼsis shartnomasi

Oilaviy korxonaning taʼsis hujjati mazkur korxonaning barcha ishtirokchilari tomonidan tuziladigan taʼsis shartnomasidir. Oilaviy korxonaning taʼsis shartnomasida quyidagilar koʻrsatiladi: oilaviy korxona boshligʻining va oilaviy korxona boshqa ishtirokchilarining familiyasi, ismi, otasining ismi hamda yashash joyi (manzili); oilaviy korxona ustav fondining miqdori; oilaviy korxona ishtirokchilari tomonidan uning ustav fondiga kiritiladigan mol-mulkni belgilash tartibi; oilaviy korxonaning firma nomi va joylashgan yeri (pochta manzili) toʻgʻrisidagi maʼlumotlar; oilaviy korxona ishtirokchilari oʻrtasida tadbirkorlik faoliyatidan olingan foydani, shuningdek oilaviy korxona tugatilganda mol-mulkni taqsimlash tartibi; oilaviy korxona ishtirokchilarining oilaviy korxona foydalanishiga berilayotgan mol-mulki roʻyxati; oilaviy korxonaning mol-mulkiga doir yirik bitimning miqdori; oilaviy korxona ishtirokchilarining umumiy yigʻilishi tomonidan qarorlar qabul qilish tartibi; oilaviy korxona ishtirokchilari muhim deb hisoblaydigan boshqa shartlar. Taʼsis shartnomasi oilaviy korxonaning barcha ishtirokchilari tomonidan imzolanadi. Oilaviy korxona boshligʻi oʻzgargan, ishtirokchi oilaviy korxona tarkibiga ixtiyoriy ravishda kirgan (undan chiqib ketgan), er va xotin oʻrtasidagi nikoh bekor qilingan yoki oilaviy korxona ishtirokchisi vafot etgan va bu hollar oilaviy korxona balansiga berilgan oilaviy korxona ishtirokchilarining mol-mulki roʻyxatida oʻzgarishlarga sabab boʻlgan taqdirda, taʼsis shartnomasiga tegishli oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritiladi. Bunda oilaviy korxonani qayta davlat roʻyxatidan oʻtkazish talab qilinmaydi.