Ommaviy axborot vositalari toʻgʻrisida 11-modda. Ommaviy axborot vositalarini taʼsis etish huquqi

Oʻzbekiston Respublikasining yuridik va jismoniy shaxslari ommaviy axborot vositalarini taʼsis etish huquqiga egadirlar. Ommaviy axborot vositasi bir necha muassis tomonidan ham taʼsis etilishi mumkin. Quyidagilar muassis boʻlishi mumkin emas: oʻn sakkiz yoshga toʻlmagan shaxslar; qasddan sodir etgan jinoyati uchun sudlanganlik holati tugallanmagan yoxud sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan shaxslar; faoliyati qonun bilan taqiqlangan jamoat birlashmalari. Ustav fondida chet el investitsiyalarining ulushi oʻttiz foizdan ortiq boʻlgan yuridik shaxslarning ommaviy axborot vositalarini tashkil etishiga yoʻl qoʻyilmaydi.