Ommaviy axborot vositasini chiqarish yoki nashr etish muassisning yoki sudning qarori bilan tugatilishi (yoki toʻxtatilishi) mumkin. Ommaviy axborot vositasi ommaviy axborot vositalari toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga muntazam rioya etmay kelgan taqdirda vakolatli organ ommaviy axborot vositasini tugatish (uning faoliyatini tugatish) haqida sudga murojaat etishga haqli. Muassis ommaviy axborot vositasini chiqarishni yoki nashr etishni tugatish toʻgʻrisidagi qaror qabul qilgan taqdirda muharrir (bosh muharrir) yoki tahririyat xodimi ushbu Qonunning 9-moddasiga muvofiq xuddi shu nomda ommaviy axborot vositasi taʼsis etish masalasini qoʻyishi mumkin. Bunday hollarda ommaviy axborot vositasini qayta roʻyxatdan oʻtkazish talab etiladi.