Televideniye, radioeshittirish tahririyatlari telekoʻrsatuvlar va radioeshittirishlar materiallarini (plyonkalarni) ular efirga berilganidan soʻng bir oy davomida saqlab turishlari, oldindan yozib olmay, toʻgʻridan toʻgʻri efirga beriladigan koʻrsatuvlar va eshittirishlarni roʻyxatga olish daftarini yuritishlari, ularning mavzui, namoyish etilgan (efirga berilgan) kuni, boshlangan va tugagan vaqti, ularni olib borgan kishining familiyasi va ismini qayd etib borishlari shart. Telekoʻrsatuvlar va radioeshittirishlarni roʻyxatga olish daftari unga soʻnggi yozuv kiritilgan kundan boshlab bir yil davomida saqlanadi. Tarixiy, ilmiy, madaniy va boshqa yoʻsindagi ahamiyatga molik materiallar qonun hujjatlarida belgilanadigan tartibda saqlanishi kerak.