Bola oʻzining tugʻilgan joyidan qatʼi nazar, agar tugʻilgan paytida: a) ota-onasi (yolgʻiz otasi yoki onasi) Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari boʻlsa; b) uning ota-onasidan biri Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi, boshqasi esa fuqaroligi boʻlmagan shaxs boʻlsa yoki bedarak yoʻqolgan deb topilgan yoxud uning turgan joyi nomaʼlum boʻlsa; v) uning ota-onasidan biri Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi, boshqasi esa chet davlat fuqarosi boʻlsa, tugʻilganlik boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligini oladi. Ushbu modda birinchi qismining “v” bandida nazarda tutilgan holda bolaning Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligini olishi faqat Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi boʻlgan ota-onasining yoxud boshqa qonuniy vakillarining iltimosnomasiga binoan amalga oshiriladi. Oʻzbekiston Respublikasi hududida tugʻilgan, ota-onasi (yolgʻiz otasi yoki onasi) fuqaroligi boʻlmagan shaxslar boʻlgan bola tugʻilganlik boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligini oladi. Oʻzbekiston Respublikasi hududida turgan, ota-onasi nomaʼlum boʻlgan bola Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosidir. Otasi yoxud onasi Oʻzbekiston Respublikasining fuqarosi boʻlgan bolaga otalik yoxud onalik belgilangan yoki tan olingan taqdirda, bola, tugʻilgan joyidan qatʼi nazar, Oʻzbekiston Respublikasining fuqaroligini oladi.