Chet davlatning harbiy xizmatiga, xavfsizlik organlariga, huquqni muhofaza qiluvchi organlariga, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlariga xizmatga kirgan shaxslarni aniqlash uchun konsullik muassasalari manfaatdor vazirliklar hamda idoralarning maʼlumotlarini tekshiradi, shuningdek jismoniy va yuridik shaxslarning kelib tushayotgan murojaatlarini oʻrganadi. Ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan faktlar tasdiqlangan taqdirda Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi (bundan buyon matnda Tashqi ishlar vazirligi deb yuritiladi) xulosa tayyorlaydi va uni materiallar bilan birga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Fuqarolik masalalari komissiyasiga yuboradi.