fuqaroligi toʻgʻrisida 37-modda. Oʻzbekiston Respublikasining fuqaroligiga qabul qilish, uni tiklash yoki undan chiqish toʻgʻrisidagi iltimosnomalarga doir umumiy talablar

Oʻzbekiston Respublikasining fuqaroligiga qabul qilish, uni tiklash yoki undan chiqish toʻgʻrisidagi iltimosnoma Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti nomiga ariza beruvchi tomonidan shaxsan beriladi. Oʻzbekiston Respublikasi hududida yashab turgan shaxs iltimosnomani doimiy yashash yoki vaqtincha turgan joyidagi ichki ishlar organiga, xorijda yashayotgan shaxs esa konsullik muassasasiga beradi. Uzrli sabablar mavjud boʻlganda (kasallik, konsullik muassasasining mavjud emasligi) notarial tartibda tasdiqlangan iltimosnoma ishonchli shaxslar orqali berilishi mumkin. Oʻzbekiston Respublikasining fuqaroligiga qabul qilish, uni tiklash yoki undan chiqish toʻgʻrisidagi iltimosnoma va unga ilova qilinadigan hujjatlar ariza beruvchi tomonidan ularning tuzilish sanasi koʻrsatilgan holda imzolanishi kerak. Agar ariza beruvchi jismoniy nuqsonlari, kasalligi oqibatida yoki biron-bir boshqa sabablarga koʻra iltimosnomani oʻz qoʻli bilan imzolay olmasa, uning topshirigʻiga koʻra oʻzga shaxs ariza beruvchi va ichki ishlar organining mansabdor shaxsi yoxud konsullik muassasasining konsullik mansabdor shaxsi hozirligida iltimosnomani yoki boshqa hujjatni ariza beruvchi hujjatni oʻz qoʻli bilan imzolay olmaganligining sababini koʻrsatgan holda imzolashi mumkin. Bunday hollarda ichki ishlar organining mansabdor shaxsi yoki konsullik muassasasining konsullik mansabdor shaxsi tomonidan iltimosnomaga bu haqda yozib qoʻyiladi.