Oʻzbekiston Respublikasida fuqarolik shaxsning davlat bilan oʻzaro huquqlari, majburiyatlari va javobgarligi yigʻindisida ifodalanadigan hamda inson qadr-qimmati, asosiy huquqlari va erkinliklarini eʼtirof etish hamda hurmat qilishga asoslanadigan doimiy siyosiy-huquqiy aloqasini belgilaydi. Oʻzbekiston Respublikasida Oʻzbekiston Respublikasining butun hududi uchun yagona fuqarolik oʻrnatiladi. Qoraqalpogʻiston Respublikasining fuqarosi ayni bir vaqtda Oʻzbekiston Respublikasining fuqarosi hisoblanadi. Oʻzbekiston Respublikasining fuqaroligi, u qanday asoslarda olinganligidan qatʼi nazar, hamma uchun tengdir. Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari jinsi, irqi, millati, tili, dini, eʼtiqodi, ijtimoiy kelib chiqishi, ijtimoiy mavqeyidan qatʼi nazar, qonun oldida tengdir. Oʻzbekiston Respublikasida har bir inson fuqaro boʻlish huquqiga egadir. Hech kim Oʻzbekiston Respublikasining fuqaroligidan mahrum qilinishi, bundan ushbu Qonunda nazarda tutilgan hollar mustasno, yoki fuqarolikni oʻzgartirish huquqidan mahrum qilinishi mumkin emas. Oʻzbekiston Respublikasi oʻz organlari va mansabdor shaxslari orqali Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari oldida masʼuldir, Oʻzbekiston Respublikasining fuqarosi esa davlat oldida masʼuldir. Oʻzbekiston Respublikasi oʻz fuqarolarining huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishni Oʻzbekiston Respublikasi hududida hamda uning hududidan tashqarida amalga oshiradi. Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligiga qabul qilish, Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligini tiklash, Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligidan chiqish yoki Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligini yoʻqotish toʻgʻrisidagi qarorlar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan farmonlar tarzida qabul qilinadi va imzolangan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.