Ichki ishlar organi yoki konsullik muassasasi Oʻzbekiston Respublikasining fuqaroligi masalalariga oid hujjatlar roʻyxatdan oʻtkazilgandan keyin ushbu Qonunning 52-moddasida belgilangan tartibda tuziladigan Oʻzbekiston Respublikasining fuqaroligi masalalariga oid idoralararo maʼlumotlar bazasiga materiallarni koʻrib chiqish toʻgʻrisidagi talabnomani uch ish kuni ichida kiritadi. Talabnomani koʻrib chiqish, tekshiruv oʻtkazish va xulosa tayyorlash muddati bir oyni tashkil etadi. Qoʻshimcha hujjatlar yoki maʼlumotlar olish zarur boʻlganda talabnomani koʻrib chiqish va xulosa tayyorlash muddati bir oygacha uzaytirilishi mumkin. Oʻzbekiston Respublikasining fuqaroligi masalalariga oid materiallarni qabul qilgan konsullik muassasasi ularni diplomatik pochta jadvalini hisobga olgan holda Tashqi ishlar vazirligiga yuboradi. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Fuqarolik masalalari komissiyasiga yuborish uchun materiallarni Ichki ishlar vazirligi yoki Tashqi ishlar vazirligi tomonidan tayyorlash muddati bir oydan oshmasligi kerak. Oʻzbekiston Respublikasining fuqaroligi masalalariga oid materiallarni koʻrib chiqishning umumiy muddati talabnoma Oʻzbekiston Respublikasining fuqaroligi masalalariga oid idoralararo maʼlumotlar bazasiga kiritilgan sanadan eʼtiboran bir yildan oshmasligi kerak.