Komissiyaning zaruratga qarab, lekin bir oyda kamida ikki marta oʻtkaziladigan majlislari Komissiya ishining tashkiliy shaklidir. Komissiyaning majlislari uning aʼzolari umumiy sonining kamida uchdan ikki qismi hozir boʻlganda vakolatlidir. Komissiya majlislarida Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudining raisi, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining raisi, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri va Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori ishtirok etishi hamda muhokama etiladigan masalalar yuzasidan maʼruza qilishi mumkin. Komissiya qarori majlisda hozir boʻlgan Komissiya aʼzolari umumiy sonining koʻpchilik ovozi bilan qabul qilinadi. Komissiya aʼzolarining ovozlari teng boʻlib qolganda raislik qiluvchining ovozi hal qiluvchi hisoblanadi. Komissiya qarori bayonnoma bilan rasmiylashtiriladi va uning majlisida ishtirok etgan barcha aʼzolari tomonidan imzolanadi. Komissiyaga koʻrib chiqish uchun kiritiladigan Oʻzbekiston Respublikasining fuqaroligi masalalariga oid materiallarni dastlabki tarzda ishlab chiqish va tayyorlash Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining tegishli tarkibiy boʻlinmasi tomonidan amalga oshiriladi.