Badanga har qanday ogʻirlik darajasida qasddan yetkazilgan shikast uchun javobgarlik aybdorning qilmishi bilan kelib chiqqan, JK 104 —110, 126¹-moddalarida koʻrsatilgan oqibatlar oʻrtasida sababiy bogʻlanish mavjud boʻlishini taqozo etadi. Agar mazkur oqibatlar, garchi ular aybdorning huquqqa xilof harakatlari bilan bogʻliq boʻlsada, biroq organizmning individual xususiyatlari yoki koʻrsatilgan tibbiy yordam tegishlicha boʻlmaganligi, jabrlanuvchining unga yetkazilgan ziyon ogʻirlashishiga sabab boʻlgan oʻz harakatlari, aybdorning qasdi bilan qamrab olinmagan boshqa holatlar tufayli kelib chiqqan boʻlsa, qilmishni Jinoyat kodeksining koʻrsatilgan moddalari bilan kvalifikatsiya qilish uchun asoslar boʻlmaydi.