Badanga qasddan shikast yetkazishga oid ishlar boʻyicha sud amaliyoti toʻgʻrisida 7-band. Qilmishni homiladorligi aybdorga ayon boʻlgan ayol badaniga qasddan yetkazilgan ogʻir…

Qilmishni homiladorligi aybdorga ayon boʻlgan ayol badaniga qasddan yetkazilgan ogʻir yoki oʻrtacha ogʻir shikast sifatida kvalifikatsiya qilish uchun (JK 104-moddasi ikkinchi qismining “a” bandi , 105-moddasi ikkinchi qismining “b” bandi , 126¹-moddasi beshinchi qismining “b” bandi , 126¹-moddasi yettinchi qismining “a” bandi ) ayolning homilador ekanligi holati uning badaniga shikast yetkazilgunga qadar aybdorga maʼlum boʻlgan boʻlishi lozim. Bunda qilmishni mazkur belgi bilan kvalifikatsiya qilish uchun homilani tushirishga nisbatan qasd mavjud boʻlishi, aybdorning harakatlari homilaning tushishiga olib kelmagan hollarda esa, badanga boshqa, tegishlicha, ogʻir, oʻrtacha ogʻir shikast yetkazilgan boʻlishi shart. Aks holda, harakatlar, kelib chiqqan oqibatlar boʻyicha, Jinoyat kodeksining badanga qasddan shikast yetkazish uchun javobgarlikni nazarda tutuvchi tegishli moddasi bilan kvalifikatsiya qilinadi. Agar jabrlanuvchi homilador ekanligini aybdor anglamagan boʻlsa, uning badanga qasddan yetkazilgan va homilaning tushishiga sabab boʻlgan shikast faqat aybdorda jabrlanuvchi badaniga ogʻir shikast yetkazishga nisbatan qasd mavjud boʻlgan holda JK 104-moddasi birinchi qismi bilan, aks holda JK 111-moddasi bilan kvalifikatsiya qilinmogʻi lozim.