Bezorilikka oid ishlar boʻyicha sud amaliyoti haqida 1-band. Tushuntirilsinki, bezorilik jamoat tartibiga qarshi qaratilgan jinoyat boʻlib, jamiyatda…

Tushuntirilsinki, bezorilik jamoat tartibiga qarshi qaratilgan jinoyat boʻlib, jamiyatda yurish-turish qoidalarini qasddan mensimaslikda ifodalangan harakatlar shaxsni urish-doʻpposlash, unga yengil tan jarohati yetkazish yoki oʻzganing mulkiga ancha miqdorda shikast yetkazish yoxud uni ancha miqdorda nobud qilish bilan bogʻliq holda sodir etiladi. Qilmishni Jinoyat kodeksi 277-moddasining 1-qismi bilan kvalifikatsiya qilish uchun yuqorida koʻrsatilgan oqibatlarning barchasi bir vaqtda mavjud boʻlishi talab etilmaydi. Jamiyatda yurish-turish qoidalarini qasddan mensimaslik deganda, normativ-huquqiy hujjatlar, odob va axloq normalari, urf-odat, anʼanalar bilan belgilangan jamoat tartibini (odamlararo munosabatlar, yurish-turish qoidalari, shakllangan ijtimoiy turmush tarzini) qoʻpol tarzda buzish tushuniladi. Jamoat tartibi qoʻpol tarzda buzilishi shaxs tomonidan JK 277-moddasi birinchi qismi dispozitsiyasida nazarda tutilgan harakatlardan birortasi sodir etilishida ifodalanadi. Qonun mazmuniga koʻra aybdor oʻzining harakatlari bilan jamoat tartibini buzayotganligini anglashi lozim. Bunda mazkur xatti-harakatlar bilan jamoat tartibini buzish oʻrtasida sababiy bogʻlanish boʻlishi shart. Sababiy bogʻlanish aniqlanmagan holda qilmish shaxsga yoki mulkka qarshi qaratilgan jinoyat deb baholanishi lozim.