Sudlar bezorilik jinoyati bilan maʼmuriy huquqbuzarlik hisoblanmish mayda bezorilikni bir-biridan farqlashlari zarur. Mayda bezorilik tushunchasi Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining 183-moddasida berilgan boʻlib, uning mazmuniga koʻra, ushbu huquqbuzarlik jamoat joylarida uyatli soʻzlar aytish, behayo qiliqlar koʻrsatish, fuqarolarga nisbatan haqoratomuz shilqimlik qilish hamda jamoat tartibi va fuqarolar osoyishtaligini boshqacha tarzda buzish kabi jamiyatda yurish-turish qoidalarini mensimaslikda ifodalanadi. Bunda Jinoyat kodeksi 277-moddasining 1-qismida nazarda tutilgan jinoiy oqibatlar mavjud boʻlmasligi kerak. Guruh tomonidan sodir etilgan mayda bezorilikni, basharti, huquqbuzarlarning harakatida Jinoyat kodeksi 277-moddasining 1-qismi alomatlari boʻlmasa, Jinoyat kodeksi 277-moddasi 2-qismining “b” bandi bilan kvalifikatsiya qilish mumkin emas. Shuningdek, xavfli retsidivist tomonidan sodir etilgan mayda bezorilik ham oʻz-oʻzidan jinoiy javobgarlikni keltirib chiqarmaydi. Agarda mayda bezorilik harakatlari davom etib, aybdorning keyingi harakatlari shaxsni urish-doʻpposlash, unga yengil tan jarohati yetkazish yoki mulkka ancha miqdorda shikast yetkazish yoxud nobud qilish bilan sodir etilgan boʻlsa, shaxs maʼmuriy javobgarlikka tortilmasdan, faqat jinoiy javobgarlikka tortiladi.