Sudlar shuni nazarda tutishlari lozimki, shaxsning valyutani qonunga xilof ravishda bojxona chegarasi orqali oʻtkazish boʻyicha aybdorligi masalasini hal etishda, Oʻzbekiston Respublikasiga erkin olib kiriladigan va olib chiqib ketiladigan naqd xorijiy va milliy valyutaning miqdori: “Valyutani tartibga solish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasining Qonuni ; Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Jismoniy shaxslar tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi naqd valyutasi va naqd chet el valyutasini Oʻzbekiston Respublikasining bojxona chegarasi orqali olib kirish va olib chiqib ketish qoidalarini tasdiqlash haqida” 2018-yil 30-yanvardagi 66-sonli qarori bilan belgilangan. Shaxsning harakatlari Oʻzbekiston Respublikasining bojxona chegarasi orqali olib kiriladigan yoki olib chiqib ketiladigan Oʻzbekiston Respublikasi naqd valyutasi va naqd chet el valyutasining deklaratsiya qilinishi talab qilinmaydigan qismidan oshiqcha boʻlgan miqdoridan kelib chiqqan holda kvalifikatsiya qilinadi hamda naqd valyutaning deklaratsiyalash shart boʻlmagan qismi jinoyat yoki maʼmuriy huquqbuzarlik predmeti hisoblanmaydi. Bunda naqd valyuta bir necha shaxslarning ishtirokida, ular oʻrtasida taqsimlanib bojxona chegarasi orqali oʻtkazish holati aniqlanganida, qilmish naqd valyutaning jami miqdoridan kelib chiqib kvalifikatsiya qilinadi. Tushuntirilsinki, naqd valyutani bojxona chegarasi orqali oʻtkazish bilan bogʻliq jinoyatlar JK 182-moddasi bilan qamrab olinib, JK 177-moddasi bilan qoʻshimcha kvalifikatsiya qilish talab etilmaydi. 16¹. Sudlar shuni nazarda tutishlari lozimki, shaxsning zargarlik buyumlarini qonunga xilof ravishda bojxona chegarasi orqali oʻtkazish boʻyicha aybdorligi masalasini hal etishda, zargarlik buyumlarini Oʻzbekiston Respublikasiga erkin olib kirish va olib chiqish tartibi amaldagi qonunchilikka muvofiq belgilanadi. Sudlar zargarlik buyumlarini noqonuniy olib chiqish bilan bogʻliq ishlarni koʻrib chiqishda, qonunchilikda jismoniy shaxslar tomonidan faqat ta