Bojxona toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzish va kontrabandaga oid ishlar boʻyicha sud amaliyoti toʻgʻrisida 21-band. Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining 211-moddasiga muvofiq, hukm…

Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining 211-moddasiga muvofiq, hukm, jinoyat ishini tugatish toʻgʻrisida ajrim (qaror) chiqarish paytida sud ish boʻyicha ashyoviy dalil deb topilgan predmetlar, shu jumladan transport vositalari (konteynerlar)ning taqdirini hal etishi shart. Mazkur masalani koʻrib chiqish chogʻida sudlar, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining “Jinoyat ishlari boʻyicha ashyoviy dalillarga oid qonunchilikni qoʻllashning ayrim masalalari toʻgʻrisida” 2012-yil 13-dekabrdagi 17-sonli qarorida berilgan tushuntirishlarga amal qilishlari lozim. Bojxona toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzish bilan bogʻliq jinoyatlar boʻyicha tovar-moddiy boyliklar davlat egaligiga oʻtkaziladi. Agar tovar-moddiy boyliklar uchun bojxona toʻlovi amalga oshirilgan boʻlsa, ushbu toʻlovlarni qaytarish masalasi hal qilinishi lozim. Ashyoviy dalillarning davlat egaligiga oʻtkazilishi natijasida boshqa shaxslarga yetkazilgan mulkiy zarar iqtisodiy yoki fuqaroviy sud ishlarini yuritish tartibida hal etiladi.