Bojxona toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzish va kontrabandaga oid ishlar boʻyicha sud amaliyoti toʻgʻrisida 8-band. Bojxona hujjatlari yoki bojxona identifikatsiyalash vositalariga oʻxshatib yasalgan…

Bojxona hujjatlari yoki bojxona identifikatsiyalash vositalariga oʻxshatib yasalgan hujjatlardan aldash yoʻli bilan foydalanish deb: bila turib qalbaki hujjatlar; bila turib yolgʻon maʼlumotlar kiritilgan hujjatlar; qonunga xilof ravishda olingan yoki boshqa tovarlarga tegishli hujjatlar; haqiqiy boʻlmagan hujjatlarni bojxona organlariga taqdim etish, shuningdek qalbakilashtirilgan bojxona identifikatsiyalash vositalaridan (plombalar, muhrlar, tamgʻalar bosish, identifikatsiyalash belgilari, shtamplar va BK 197-moddasida nazarda tutilgan boshqa identifikatsiyalash vositalari) yoki boshqa tovarlarga tegishli haqiqiy identifikatsiyalash vositalaridan foydalanish tushunilishi lozim. Sudlarning eʼtibori shunga qaratilsinki, tovarlarni bojxona chegarasidan oʻtkazishning har bir tartibi uchun qonunchilikda bojxona organlariga taqdim etilishi lozim boʻlgan hujjatlar va maʼlumotlarning alohida roʻyxati nazarda tutilgan (BK 9 , 18-19 , 267-moddalari ) boʻlib, unda nazarda tutilmagan hujjatlar va maʼlumotlarni taqdim etmagan shaxsning harakatlari qonunga xilof deb qaralishi mumkin emas.