Ota-onalik huquqidan mahrum qilish oxirgi chora ekanligiga sudlarning eʼtibori jalb etilsin. Alohida hollarda ota yoki onaning aybli xulq-atvori tasdiqlangan taqdirda ham sud uning xulq-atvori xususiyatlarini, shaxsini va boshqa muayyan holatlarni eʼtiborga olib, ota-onalik huquqidan mahrum qilish toʻgʻrisidagi daʼvoni rad etishga va vasiylik va homiylik organlariga uning ota-onalik majburiyatlarini bajarishini nazorat qilishni yuklab, javobgarni bolalar tarbiyasiga nisbatan oʻzining munosabatlarini oʻzgartirishi zarurligi toʻgʻrisida ogohlantirishga haqli. Sud ota-onalik huquqidan mahrum qilish toʻgʻrisidagi daʼvoni rad etib, koʻrsatib oʻtilgan holatlar mavjud boʻlganida, bolaning manfaatlari taqozo qilsa, ota-onadan bolasini olish va uni vasiylik va homiylik organlari qaramogʻiga topshirish toʻgʻrisidagi masalani hal qilishga haqli.