Sudlarga tushuntirilsinki, qalbaki hujjatdan foydalangan holda sodir etilgan firibgarlik, basharti hujjat aybdor tomonidan tayyorlangan yoki soxtalashtirilgan boʻlsa, jinoyatlar majmui tarzida JK 168-moddasi va 228-moddasi birinchi yoki ikkinchi qismlari bilan kvalifikatsiya qilinadi. Shaxs firibgarlik maqsadida oʻzi tomonidan tayyorlangan qalbaki hujjatdan foydalangan, biroq unga bogʻliq boʻlmagan holatlarga koʻra oʻzganing mulkini ololmay yoki mulkka nisbatan huquqqa ega boʻlolmay qolgan hollarda qilmish jinoyatlar majmui tarzida JK 25-moddasi ikkinchi qismi , JK 168-moddasi va JK 228-moddasi tegishli qismi bilan kvalifikatsiya qilinishi lozim. Boshqa shaxs tomonidan tayyorlangan qalbaki hujjatdan foydalangan holda firibgarlik sodir etgan shaxsning harakatlari JK 168-moddasi tegishli qismi bilan kvalifikatsiya qilinadi va JK 228-moddasi uchinchi qismi bilan qoʻshimcha kvalifikatsiya qilishni talab etmaydi, chunki bunday holda hujjat aybdor tomonidan oʻz maqsadiga erishish uchun aldash vositasi sifatida foydalanilgan boʻladi.