Firibgarlikka oid ishlar boʻyicha sud amaliyoti toʻgʻrisida 4-band. Firibgarlikda aldash deganda, aybdor tomonidan, bila turib, haqiqatga toʻgʻri kelmaydigan…

Firibgarlikda aldash deganda, aybdor tomonidan, bila turib, haqiqatga toʻgʻri kelmaydigan yolgʻon maʼlumotlar xabar qilinishi yoki ish holati boʻyicha mulkdor, mulkning boshqa egasiga maʼlum qilinishi lozim boʻlgan haqiqiy faktlarni yashirish yoxud bunday shaxslarni yanglishtirishga qaratilgan qasddan sodir etilgan harakatlar tushuniladi. Firibgarlikda yolgʻon maʼlumotlarga jabrlanuvchini yanglishtirishga olib kelishi mumkin boʻlgan har qanday holatlar boʻyicha maʼlumotlar, jumladan, yuridik fakt va voqealar, mulkning sifati, narxi, aybdorning shaxsi, uning niyati, vakolati (masalan, aybdor shaxs oʻzini mansabdor shaxs yoki huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimi yoxud qonuniy asoslarda faoliyat yurituvchi tadbirkor sifatida koʻrsatishi va h.k.) taalluqli boʻlishi mumkin. Firibgarlikda jabrlanuvchini yanglishtirishga qaratilgan qasddan sodir etiladigan harakatlar jumlasiga, masalan, bitim yoki toʻlov predmetini soxtalashtirish, qimor va tavakkalchilikka asoslangan boshqa oʻyinlarni oʻynash chogʻida aldov usullarini qoʻllash va h.k. kiradi.