Odam DNKsi sud-biologik ekspertizasi oʻtkazish uchun materiallarni yuborishda sudlar Oliy sud Plenumining 2011-yil 25-noyabrdagi “Sudlar tomonidan otalikni belgilashga oid ishlarni koʻrishda qonunchilikning qoʻllanilishi toʻgʻrisida”gi 8-sonli qarorining 14-15-bandlaridagi tushuntirishlaridan ham kelib chiqishlari lozim. Boshqa vazifalar qatorida ona va ota tarafidan yaqin va uzoq qarindoshlikni aniqlash masalasini hal etuvchi molekulyar genetikani qoʻllashga asoslangan odam DNKsi sud-biologik ekspertizasi tekshiruvlari usullarining zamonaviy imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda, sudlar marhumning merosxoʻrlari oʻrtasidagi qarindoshlik munosabatlarini aniqlash toʻgʻrisidagi nizolarni koʻrib chiqishda, har bir aniq holat boʻyicha ona yoki ota tomonidan yaqin va uzoq qarindoshlikni belgilash haqida ish boʻyicha ekspertiza tayinlash masalasini muhokama qilishi lozim.