Sudlar qoʻshimcha, qayta, kompleks va komissiyaviy ekspertiza tayinlash asoslari va tartibini qatʼiy farqlashlari lozim. Sud tomonidan qoʻshimcha ekspertiza ekspertning dastlabki xulosasidagi boʻshliqlarni toʻldirish maqsadida, xulosa toʻliq boʻlmagan yoki yetarli darajada aniq boʻlmagan hollarda, xulosa yuzasidan ekspertni soʻroq qilish orqali bartaraf etish imkoni mavjud boʻlmagan va majburiy qoʻshimcha tekshiruvlar oʻtkazish talab etiladigan, shuningdek ilgari tekshiruv oʻtkazilgan fuqarolik ishining holatlari boʻyicha yangi savollar tugʻilgan taqdirda tayinlanadi.