Sudlar FPK 58-moddasiga koʻra, ekspertiza quyidagi davlat muassasalari tizimidagi sud ekspertiza muassasalari, shuningdek, boshqa organlar tomonidan oʻtkazilishini nazarda tutishlari lozim: 1) Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi qoshidagi Respublika sud ekspertiza markazi va uning hududiy boʻlinmalari; 2) Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash sohasidagi vakolatli organining Sud-tibbiy markazi va uning hududiy boʻlinmalari; 3) qonun hujjatlariga muvofiq zimmasiga ekspertiza oʻtkazish yuklanishi mumkin boʻlgan (ekspertiza oʻtkazishga ixtisoslashmagan) boshqa muassasalar. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligiga qarashli ekspertiza muassasalari ekspertizani Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi X. Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertizasi markazi tomonidan belgilangan xizmat koʻrsatish hududlariga muvofiq amalga oshiradilar. Ish materiallarini xizmat koʻrsatish hududiga kirmaydigan ekspertiza muassasasiga yuborilishi sud tomonidan asoslantirilgan boʻlishi lozim (takroriy ekspertiza tayinlanganda, tegishli hududdagi ekspertiza muassasasida kerakli mutaxassis yoki asbob-uskuna yoʻqligi yoki boshqa holatlarda).