Fuqarolik ishlari boʻyicha sud xarajatlarini undirish amaliyoti toʻgʻrisida 11-band. “Davlat boji toʻgʻrisida”gi Qonun 8-moddasining ikkinchi qismida, ushbu modda birinchi…

“Davlat boji toʻgʻrisida”gi Qonun 8-moddasining ikkinchi qismida, ushbu modda birinchi qismining 10, 13² , 14, 33-36 va 37¹-bandlarida koʻrsatilgan shaxslarning talablari qanoatlantirish toʻliq yoki qisman rad etilgan taqdirda, davlat boji shu shaxslardan talablarning qanoatlantirilishi rad etilgan miqdoriga mutanosib ravishda undirilishi nazarda tutilgan. Shu bilan birga, “Davlat boji toʻgʻrisida”gi Qonun 19-moddasining yigirma uchinchi qismida davlat boji toʻlashdan ozod qilingan davlat organlari hamda boshqa shaxslar tomonidan yuridik va jismoniy shaxslarning manfaatlarini koʻzlab bildirilgan talablarni qanoatlantirish rad etilgan yoki ular qisman qanoatlantirilgan taqdirda, davlat boji ariza qaysi shaxslarning manfaatlarini koʻzlab taqdim etilgan boʻlsa, shu shaxslardan daʼvo talablarning qanoatlantirilishi rad etilgan qismiga mutanosib ravishda undirilishi koʻrsatilgan. Shundan kelib chiqib, sudlarga tushuntirilsinki, bunday talab FPK 138-moddasining beshinchi qismida ham belgilanganligidan kelib chiqib, davlat bojini toʻlashdan ozod etilgan davlat organlari va boshqa organlar, shuningdek tashkilotlarning yuridik shaxslar va fuqarolarning manfaatlarini koʻzlab taqdim etilgan daʼvo talablarini qanoatlantirish rad etilgan yoki ular qisman qanoatlantirilgan taqdirda, davlat boji manfaatlari koʻzlanib daʼvo taqdim etilgan shaxslardan (agar ular qonunga muvofiq davlat boji toʻlashdan ozod qilinmagan boʻlsa) daʼvo talablarining qanoatlantirilishi rad etilgan qismiga mutanosib ravishda undirilishi lozim. Shu bilan birga, koʻrsatilgan davlat organlari hamda boshqa tashkilotlar tomonidan topshirilgan ariza, apellyatsiya, kassatsiya, taftish shikoyatlarini qabul qilishda, sudlar manfaatlari koʻzlangan yuridik va jismoniy shaxslarning bunday murojaat qilishga roziligi mavjudligini tekshirishlari lozim.