Fuqarolik ishlari boʻyicha sud xarajatlarini undirish amaliyoti toʻgʻrisida 18-band. FPK 135-moddasida ishni koʻrish bilan bogʻliq chiqimlarni toʻlash taraflar zimmasiga…

FPK 135-moddasida ishni koʻrish bilan bogʻliq chiqimlarni toʻlash taraflar zimmasiga yuklatilganligi sababli, ishni sud muhokamasiga tayyorlashda yoki sud muhokamasi davomida taraflar tomonidan ushbu mablagʻlarni sudning depozit hisobvaragʻiga oldindan kiritish choralarini koʻrish lozimligiga sudlarning eʼtibori qaratilsin. Sud chiqimlarining taraflar tomonidan oldindan kiritilmaganligi guvohni, ekspertni, mutaxassisni chaqirish, joyiga borib koʻzdan kechirish haqidagi iltimosnomani, agar bu tomonlarning huquq va majburiyatlarini, ishning haqiqiy holatlarini har tomonlama, toʻla va xolisona aniqlash uchun zarur boʻlsa, qanoatlantirishni rad etish uchun asos boʻlmaydi. Bunday holda ishni koʻrish bilan bogʻliq sarf qilingan chiqimlar, FPK 141-moddasida belgilangan qoidalar boʻyicha sud hujjati qabul qilinayotganda undiriladi. Shu bilan birga, FPK 132-moddasining uchinchi qismiga muvofiq, sud majlisini videokonferensaloqa rejimida oʻtkazish bilan bogʻliq xarajatlar summasi sud tomonidan belgilanishi va ishda ishtirok etuvchi shaxslardan ishni koʻrish natijalariga koʻra undirilishi lozimligi inobatga olinsin.