Davlat bojini toʻlashdan ozod qilingan daʼvogar tomonidan taqdim etilgan daʼvo toʻliq yoki qisman qanoatlantirilganda, davlat boji javobgardan, agar u qonunga muvofiq davlat boji toʻlashdan ozod qilinmagan boʻlsa, arz qilingan talablarning qanoatlantirilgan qismiga mutanosib ravishda davlat daromadiga undiriladi. Davlat bojini toʻlashdan ozod qilingan bir nechta daʼvogarlar tomonidan bir nechta javobgarlarga nisbatan taqdim etilgan daʼvo toʻliq yoki qisman qanoatlantirilganda, qanoatlantirilgan qismiga mutanosib ravishda davlat boji har bir javobgardan alohida, undan undirilgan summadan kelib chiqqan holda davlat foydasiga undiriladi. Tushuntirilsinki, daʼvogar arz qilgan talablaridan voz kechsa yoki daʼvo arizani koʻrmasdan qoldirish haqida ariza bersa, u tomonidan qilingan xarajatlar javobgar tomonidan qoplanmaydi, javobgar daʼvogarning talablarini ixtiyoriy qanoatlantirganligi holatlari bundan mustasno. Davlat bojini toʻlashdan ozod qilingan daʼvogar oʻz daʼvo talablaridan ular javobgar tomonidan ixtiyoriy ravishda toʻliq yoki qisman qanoatlantirilganligi oqibatida voz kechganligi sababli ish yuritish tugatilgan yoxud shu asos bilan daʼvogarning arizasiga binoan daʼvo ariza koʻrmasdan qoldirilgan hollarda, davlat boji javobgardan davlat budjetiga undirilishi lozim (“Davlat boji toʻgʻrisida”gi Qonun 19-moddasining oʻn toʻrtinchi qismi). Sudlarning eʼtibori, “Davlat boji toʻgʻrisida”gi Qonun 19-moddasining oltinchi qismiga muvofiq ishni sud muhokamasiga tayyorlash muddati tugagunga qadar daʼvogar daʼvodan voz kechganligi, taraflar oʻrtasida kelishuv bitimi tuzilganligi munosabati bilan alimentlarni undirish toʻgʻrisidagi ish boʻyicha ish yuritish tugatilgan holda, javobgardan davlat boji undirilmasligiga qaratilsin.