“Davlat boji toʻgʻrisida”gi Qonun 19-moddasi birinchi qismining ikkinchi xatboshiga muvofiq, shartnomalarni haqiqiy emas deb eʼtirof etish toʻgʻrisidagi, shartnomalarni bekor qilish toʻgʻrisidagi yoki ularning shartlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqidagi daʼvo arizalariga shartnoma toʻlaligicha yoki uning biron-bir qismi nizolashilayotganligidan qatʼi nazar, shartnoma oldi nizolari boʻyicha arizalar uchun belgilangan stavkalar boʻyicha davlat boji toʻlanadi. Sudlarning eʼtibori, “Davlat boji toʻgʻrisida”gi Qonun bilan belgilangan davlat boji stavkalarining fuqarolik ishlari boʻyicha sudlariga oid qismida shartnoma oldi nizolari boʻyicha toʻlanishi lozim boʻlgan davlat boji stavkalari belgilanmaganligi hamda FPK 129-moddasining 2-bandida mol-mulkni talab qilib olish toʻgʻrisidagi daʼvolar boʻyicha daʼvoning bahosi talab qilinayotgan mol-mulkning qiymatiga qarab belgilanishi nazarda tutilganligi sababli, shartnomani haqiqiy emas deb topish yoki bekor qilish haqidagi talablar yuzasidan nizolashilayotgan shartnomada koʻrsatilgan pul qiymati (shartnoma bahosi) daʼvo bahosi hisoblanishi va davlat boji mulkiy xususiyatga ega daʼvo arizalar uchun qonunda belgilangan stavka boʻyicha toʻlanishi lozimligiga qaratilsin. Shu bilan birga, shartnoma shartlarini oʻzgartirish yoki unga qoʻshimcha kiritish haqidagi talablar boʻyicha soʻralayotgan qoʻshimcha yoxud oʻzgartirish shartnoma qiymatiga taʼsir qiladigan miqdoridan, qiymat jihatidan baholanmaydigan talablar arz qilingan holda esa nomulkiy xususiyatga ega talab uchun belgilangan stavkalardan kelib chiqib davlat boji belgilanishi lozimligi tushuntirilsin. Shuningdek, sudlarning eʼtibori bitta nizo predmeti boʻyicha bir nechta bitimlar nizolashilganda, daʼvoning bahosi nizo predmetining qiymatidan kelib chiqib belgilanishiga qaratilsin.