Mol-mulkka nisbatan meros qilib olish huquqi toʻgʻrisida hal qiluv qarori qabul qilinganda, davlat boji sud tomonidan mol-mulkning umumiy qiymatidan kelib chiqqan holda hisoblanadi va vorislarning har biridan uning ulushiga mutanosib ravishda undiriladi (“Davlat boji toʻgʻrisida”gi Qonun 19-moddasining oʻn oltinchi qismi). Bunda davlat bojini hisoblash uchun mol-mulkning umumiy qiymatiga quyidagilar kirmaydi: shaxsiy va mulkiy sugʻurta shartnomalari boʻyicha sugʻurta summasi; banklarda saqlanayotgan omonat summalari va obligatsiyalar qiymati; daromad summalari (mehnat haqlari), shaxsiy jamgʻarib boriladigan pensiya hisobvaragʻidagi pul mablagʻlari; asar muallifining mulkiy huquqlari, asarni yaratish hamda undan foydalanish mualliflik haqi summalari; vasiyatnoma va hadya shartnomalari boʻyicha davlat va yuridik shaxslarga oʻtayotgan mol-mulk qiymati; Vatanni himoya qilish, davlat yoki jamiyat oldidagi boshqa majburiyatlarni bajarish munosabati bilan yoki inson hayotini qutqarish, davlat mulkini va huquq tartibotni muhofaza qilish boʻyicha fuqarolik burchini bajarish paytida vafot etgan shaxslarning mol-mulki; uy-joy (kvartira) yoki uy-joy qurilish shirkatidagi pay, basharti vorislar shu uy-joy (kvartira)da meros qoldiruvchi bilan birga yashab kelishgan, u vafot etgan kunga qadar roʻyxatdan (propiskadan) oʻtishgan va meros qoldiruvchi vafotidan soʻng ham yashashni davom ettirishayotgan boʻlsalar.