Sudlar shuni nazarda tutishi lozimki, “Davlat boji toʻgʻrisida”gi Qonun 8-moddasining birinchi qismida koʻrsatilgan shaxslar sud hujjatlari ustidan apellyatsiya, kassatsiya, taftish shikoyati bilan murojaat qilganda davlat bojini toʻlashdan ozod etilgan. Apellyatsiya, kassatsiya shikoyati, taftish tartibidagi shikoyatni qanoatlantirish rad etilgan taqdirda, sud “Davlat boji toʻgʻrisida”gi Qonun 8-moddasining ikkinchi qismi talablaridan kelib chiqib, davlat boji masalasini hal qilishi lozim. Apellyatsiya, kassatsiya, taftish shikoyatidan voz kechilganligi sababli shikoyat boʻyicha ish yuritish tugatilganda, toʻlangan davlat boji qaytarilmaydi, agar shikoyat berishda davlat boji toʻlanmagan boʻlsa, davlat boji shikoyat bergan shaxsdan undiriladi.