Fuqarolik kodeksini tatbiq qilishda sud amaliyotida vujudga keladigan ayrim masalalar toʻgʻrisida 12-band. Amalda egalik qilish muddati asosida ashyoga egalik huquqini olish uchun u halol yoʻl…

Amalda egalik qilish muddati asosida ashyoga egalik huquqini olish uchun u halol yoʻl bilan egallangan boʻlishi lozimligi (yaʼni amalda egalik qiluvchi oʻzganing mulkini mulkdorning erk-xohishiga zid ravishda qasddan egallab olgan oʻgʻirlagan va shu kabi shaxs boʻlmasligi kerak) sudlarga tushuntirilsin. Bunday egalik qilish boshqa shaxslar uchun oshkora va aniq koʻrinadigan boʻlishi, shuningdek egalik qiluvchi tegishli mulkka oʻziniki kabi munosabatda boʻlishi (faqatgina undan foydalanibgina qolmay, balki uni lozim darajada saqlash choralarini koʻrganini ham nazarda tutish) zarur. Egalik qilish qonunda belgilangan muddatlarda uzluksiz davom etgan boʻlishi ham zarur (FKning 187-moddasi 4-qismi talablariga asosan mulkka amalda egalik qilish muddatini vaj qilib keltirayotgan shaxsning oʻzi huquqiy vorisi boʻlgan shaxs tomonidan bu mulkka amalda egalik qilib kelgan barcha vaqtini qoʻshishi mumkin, masalan, meros qoldiruvchi yoki yuridik shaxs tarkibidan keyinchalik alohida ajralib chiqqan yuridik shaxs-mulkdor). Faqatgina koʻrsatilgan uchchala shartlarga rioya qilingan taqdirda, egalik huquqini vujudga keltiruvchi muddat amalda egalik qiluvchining mulk huquqiga asos boʻlishi mumkin. (FKning 187-moddasi 1-qismi ).