FKning 733-moddasi 1-qismiga binoan qarz beruvchi yuridik shaxs boʻlganida yoki fuqarolar oʻrtasida tuzilgan qarz shartnomasining summasi bazaviy hisoblash miqdorining oʻn baravaridan ortiq boʻlgan hollarda qarz shartnomasini oddiy yozma shaklda tuzilishi talab qilinadi. Sudlar qarz shartnomasining oddiy yozma shakliga rioya qilmaslik uning haqiqiy emasligiga olib kelmasligini nazarda tutishlari lozim. FK 109-moddasining birinchi va ikkinchi qismlariga muvofiq taraflar bunday holda guvohlarning koʻrsatuvlariga asoslanishga haqli emas, lekin bu ularni yozma va boshqa dalillar keltirish imkoniyatidan mahrum qilmaydi. Agar pul yoki ashyo olganlik fakti inkor etilmasa, u holda uni yozma dalillar bilan tasdiqlash talab qilinmaydi, har bir taraf oʻz talablarini asoslash uchun keltirayotgan holatlarni isbotlashga majbur. Shunga koʻra bir taraf pul yoki ashyoni qarz uchun berganini daʼvo qilib, ikkinchi taraf uni olganini inkor qilmasdan bu pul yoki ashyo qarzga emas, balki hadya tariqasida bergan deb vaj keltirsa, sud pul yoki ashyoni olgan tarafdan bitim qarz emas, balki hadya bitimi ekanligini tasdiqlovchi dalillarni talab qilishi va shu asosga koʻra nizoni hal qilishi lozim.