Gumon qilinuvchi va ayblanuvchini himoya huquqi bilan taʼminlashga oid qonunlarni qoʻllash boʻyicha sud amaliyoti toʻgʻrisida 15-band. Himoyachidan voz kechish gumon qilinuvchini, ayblanuvchini keyinchalik ishda himoyachi…

Himoyachidan voz kechish gumon qilinuvchini, ayblanuvchini keyinchalik ishda himoyachi ishtirok etishini talab qilish huquqidan mahrum etmaydi. Bunday talab barcha hollarda qanoatlantirilishi lozim. Himoyachining ishga yangidan kirishishi oʻsha paytga qadar amalga oshirilgan protsessual harakatlar takrorlanishini taqozo etmaydi. Sud majlisi davomida himoyachining ishga kirishishi sud tergovini qayta boshlash uchun asos boʻlmaydi. Biroq, bu holda sud unga ish materiallari bilan tanishib chiqish va himoyasida boʻlgan shaxs huquq va manfaatlari himoyasiga kirishishga tayyorgarlik koʻrish uchun imkoniyat berishi kerak. Himoyachining u protsessga kirgunga qadar sud tomonidan soʻroq qilingan shaxslarni chaqirish haqidagi iltimosnomasi JPK 448-moddasida belgilangan tartibda hal etiladi. Ishda ishtirok etish haqida bitim tuzilgan yoki tayinlangan vaqtdan boshlab, advokat oʻz vazifalarini bajarishni rad etishga haqli emas, JPK 79-moddasida belgilangan hollar bundan mustasno.