Gumon qilinuvchi va ayblanuvchini himoya huquqi bilan taʼminlashga oid qonunlarni qoʻllash boʻyicha sud amaliyoti toʻgʻrisida 19-band. Qiynoqqa solish, zoʻrlik ishlatish, qoʻrqitish, aldash hamda insonga nisbatan boshqacha…

Qiynoqqa solish, zoʻrlik ishlatish, qoʻrqitish, aldash hamda insonga nisbatan boshqacha shafqatsiz yoki uning shaʼni va qadr-qimmatini kamsituvchi munosabatda boʻlish, shuningdek, qonunga xilof boshqa choralar qoʻllash, shu jumladan, gumon qilinuvchining, ayblanuvchining himoya huquqini buzish natijasida olingan dalillar ayblov asosiga qoʻyilishi mumkin emas. Surishtiruvchi, tergovchi, sud (sudya) qamoq joylaridan keltirilgan shaxsdan har doim surishtiruv, tergov harakatlari oʻtkazilgan paytda unga nisbatan qanday munosabatda boʻlishganligi hamda saqlash sharoiti toʻgʻrisida soʻrashlari shart. Surishtiruvning yoki tergovning qiynoqqa solish yoxud qonunga xilof boshqa usullari qoʻllanilganligi toʻgʻrisidagi har bir murojaat fakti boʻyicha arz qilingan vajlarini sinchiklab tekshirish, shu jumladan, tibbiy guvohlantirish oʻtkazish orqali sinchiklab tekshirishlari va natijasiga qarab, tegishli mansabdor shaxslarga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatishga qadar protsessual yoki boshqa huquqiy choralar koʻrishlari shart. Dalillarni toʻplash va mustahkamlashda ruxsat berilmagan usullar qoʻllanilganligi toʻgʻrisidagi murojaatlar JPK 22-moddasiga asosan qonunchilikda belgilangan tartibda sud-tibbiy ekspertizasi yoki boshqa ekspertiza oʻtkazilgan holda majburiy tekshirilishi lozim.