Harbiy xizmatni oʻtash tartibiga qarshi jinoyatlarga oid ishlarni koʻrish boʻyicha sud amaliyoti toʻgʻrisida 18-band. Sudlar boʻysunmaslik bilan gap talashishni farqlashi lozim, yaʼni boʻysunuvchi unga…

Sudlar boʻysunmaslik bilan gap talashishni farqlashi lozim, yaʼni boʻysunuvchi unga berilgan buyruq masalasida oʻzining noroziligini bildirib, uni muhokama qilsa-da, buyruqni bajarsa, bunday harakatlar boʻysunmaslik jinoyati sifatida baholanmasligi lozim. Buyruqni boshqacha tarzda qasddan bajarmaslik — sirtdan boʻysunuvchi buyruqni ijro uchun qabul qiladi, biroq keyinchalik ongli ravishda bajarmaydi. Bunda buyruqni bajarmaslik qasdi buyruqni qabul qilgan zahoti yoki muayyan vaqt oʻtgandan soʻng ham paydo boʻlishi mumkin. Buyruqni bajarmaslik deganda, buyruqda belgilangan koʻrsatmalarni bajarmaslik, buyruq bilan taqiqlangan harakatlarni bajarish yoki buyruqni talab darajasida (kechiktirib, toʻliqsiz, noaniq) bajarmaslik tushuniladi. Agar kelib chiqqan oqibatlarga nisbatan subyektning aybi ehtiyotsizlik shaklida namoyon boʻlsa, qilmish JKning 280-moddasi bilan kvalifikatsiya qilinishi lozim. Boʻysunmaslikning motivi va maqsadlari jinoyatni kvalifikatsiya qilishda ahamiyatga ega emas.