Harbiy xizmatni oʻtash tartibiga qarshi jinoyatlarga oid ishlarni koʻrish boʻyicha sud amaliyoti toʻgʻrisida 34-band. Dezertirlik deganda, harbiy xizmatdan butunlay boʻyin tovlash maqsadida harbiy qismni…

Dezertirlik deganda, harbiy xizmatdan butunlay boʻyin tovlash maqsadida harbiy qismni yoki xizmat joyini oʻzboshimchalik bilan tashlab ketish, shuningdek, shu maqsadda xizmat joyiga yetib kelmaslik tushuniladi. Harbiy xizmatchi dezertirlik sodir eta turib, qonunga xilof ravishda harbiy xizmatni oʻtashni tugatadi va oʻzini harbiy xizmat munosabatlari doirasidan chetga olishga intiladi. Subyekt (shaxs) harbiy xizmatdan boʻyin tovlash maqsadida harbiy qism yoki xizmat joyini tark etgan paytdan boshlab dezertirlik jinoyati tugallangan hisoblanadi va shu paytdan javobgarlikka tortish muddatini hisoblash boshlanadi. Bunday maqsad mavjud boʻlganda oʻzboshimchalik bilan oʻz joyida boʻlmaslikning davomiyligi ahamiyat kasb etmaydi. Dezertirlikka xos alomatlar — aybdor tomonidan soxta hujjatlar toʻgʻrilab olish, fuqaroviy kiyimni qayta kiyib olish, harbiy kiyimni yoʻq qilish, ishga joylashishga yoki yashash uchun boshqa doimiy manba topishga urinish kabilardir. Xizmat joyida boʻlmaslikning davomiyligi sodir etilgan jinoyatning ijtimoiy xavflilik darajasini baholash va aybdorga jazo tayinlash paytida ahamiyatga ega boʻladi. Dezertirlikni sodir etgan shaxsning asosiy sabab qilib koʻrsatadigan vajlari — harbiy xizmat qiyinchiliklari va mahrumliklarni boshdan kechirishni istamaslik, doimiy ravishdagi shaxsiy va oilaviy muammolarni hal qilishga intilish, harbiy xizmatni oʻtash davrida sodir etgan jinoyati uchun javobgarlikdan qochish va hokazolar boʻlishi mumkin.